13:10 29.01.2025Yangi Namangan tumanida taʼlim sohasini rivojlantirish va bolalar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida yana bir muhim loyiha amalga oshirildi.
Tumanning “Atangan guzar” mahallasidan joy olgan 61-boshlangʻich taʼlim tayanch maktabi qayta qurilib, zamonaviy koʻrinishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur taʼlim muassasasi ilk bor 1995-yilda barpo etilgan boʻlib, yillar davomida sinf xonalari taʼmirtalab holatga kelib qolgandi. Shuningdek, xonalarning yetishmasligi oʻquvchilar va oʻqituvchilar uchun noqulayliklar tugʻdirib kelayotgan edi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida maktabni tubdan rekonstruksiya qilish boʻyicha davlat investitsiya dasturi asosida loyiha amalga oshirildi.
Qurilish ishlari natijasida maktabning umumiy sigʻimi 272 oʻrindan 480 oʻringacha kengaytirildi. Yangi bino barcha zamonaviy talablarga javob beradigan tarzda qurilib, sinf xonalari zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlandi.
Taʼlim muassasasining qayta qurilgani nafaqat oʻquvchilar, balki oʻqituvchilar uchun ham katta qulaylik yaratdi. Endi ular zamonaviy va shinam sinf xonalarida dars oʻtish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi va sektor rahbarlari, taʼlim sohasi xodimlari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mazkur maktab taʼlim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, kelajakda ham shunday istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi zarurligini qayd etishdi.
Yangi Namangan tumani hokimligi
Axborot xizmati