Sayt test rejimida ishlamoqda!
Namangan yana bir xalqaro festivalga mezbonlik qiladi
  • Yangiliklar
  • 18:15 29.01.2025
  • 90
  • Ochiq muloqot

Namanganda oʻtkaziladigan nufuzli tadbirlar yana bittaga koʻpaymoqda, shu yilning fevral oyida xalqaro “Avto Tyuning” koʻrgazmasi tashkil etilishi kutilyapti.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xalqaro “Avto Tyuning” koʻrgazmasini tashkillash masalasida tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur tadbir avtomobil tyuningi sanoatini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarni jalb qilish, shuningdek, avtomobil ixlosmandlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil qilinmoqda.

Uchrashuvda viloyat rahbari avto tyuning sohasining jadal rivojlanayotganini va ushbu koʻrgazmaning Namangan uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. 

Unga koʻra, koʻrgazma mintaqadagi avtomobilsozlik va avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilarini bir joyga jamlab, yangi biznes hamkorliklar va investitsiyalar uchun zamin yaratadi.

Uchrashuvda ishtirok etganlar xalqaro koʻrgazmani muvaffaqiyatli oʻtkazish boʻyicha oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

Shuningdek, viloyat hokimi tadbirkorlarni ushbu loyihada faol ishtirok etishga chaqirib, zaruriy infratuzilma va tashkilotchilik masalalarida mahalliy hokimiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi.

Xalqaro “Avto Tyuning” koʻrgazmasida yurtimizning barcha viloyatlaridan hamda chet mamlakatlardan yetakchi avto tyuning, avtomobilsozlik mutaxassislari va ixlosmandlar ishtirok etishi kutilmoqda. Koʻrgazmada eng soʻnggi texnologiyalar asosida jihozlangan avtomobillar, eksklyuziv modifikatsiyalar hamda zamonaviy avto detallari namoyish etiladi.

Yangi Namangan tumani hokimligi
Axborot xizmati