Sayt test rejimida ishlamoqda!
Yangi Namangan tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
  • Yangiliklar
  • 06:00 01.01.1970
  • 48
  • Xabarlar

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etib, Yangi Namangan tumanida amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi xonadonlarining mavsumga tayyorgarlik holati hamda gaz, suv va elektr ta’minoti tizimlarida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumot uchun, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida tumanda 2 km gaz tarmog‘i rekonstruksiya qilindi, 3 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 188,3 km yer osti quvurlari tekshirildi va 1 506 ta xonadon 2-bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazildi. 34 km ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlanib, yangi suv inshootlari qurildi. Elektr ta’minotida 48,9 km tarmoq tortildi, 13 ta transformator va 876 ta tayanch ustun o‘rnatildi.

Ijtimoiy soha ob’yektlarida isitish tizimlari va elektr uskunalari to‘liq tekshirilib, doimiy nazorat o‘rnatilgan. Joriy mavsumda muassasalarga 6 809 tonna va aholi xonadonlariga 13 305 tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 6 057 tonnasi yetkazilgan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati tomonidan xavfsizlik choralari kuchaytirilib, gaz, suv va elektr tarmoqlarining holati muntazam nazorat qilinayotgani ta’kidlandi.

Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati