Sayt test rejimida ishlamoqda!
Yangi Namangan tumanida ta’lim jarayonini takomillashtirishga qaratilgan seminar tashkil etildi
  • Yangiliklar
  • 17:15 24.10.2025
  • 93
  • Yoshlar siyosati

Ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda interfaol metodlardan samarali foydalanish maqsadida “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostidagi navbatdagi seminar Yangi Namangan tumanidagi 69-umumta’lim maktabida tashkil etildi.

Noodatiy tarzdagi mazkur seminar barcha hududlarda tajriba-sinov tariqasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda tumandagi ilg‘or, izlanuvchan va tajribali o‘qituvchilardan iborat 13 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha mahoratli pedagoglar dars jarayonlarini olib bordilar.

Bu esa o‘quvchilar uchun umuman begona o‘qituvchilarning mashg’ulotlar olib borishi, yangicha metod va interfaol jarayonlarning qo‘llanishi bilan ahamiyat kasb etdi.

Tadbirda umumta’lim muassasalari direktorlari, shuningdek, tuman hamda shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari ishtirok etib, dars mashg‘ulotlarining mazmuni va sifatini bevosita kuzatdilar. O‘qituvchilarning innovatsion faoliyatini baholash, aniqlangan kamchiliklarni tahlil etish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilash seminarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.

Kuzatuv jarayonida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isakov, tuman hokimi o‘rinbosari Bekzod Jo‘rayev hamda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Isayevlar ishtirok etib, ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi bunday tashabbuslarning amaliy ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Seminar yakunida barcha fan yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan natijalar muhokama qilinib, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda pedagoglarning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati