15:35 12.09.2025Yaponiyaning “Rotary Club of Tokyo Waseda” tashkiloti delegatsiyasi Yangi Namangan tumanidagi “Axsikent” mahallasida joylashgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazi faoliyati bilan tanishdi.
Yaponiyalik mehmonlar Yangi Namanganda xotin-qizlar bandligi bilan tanishdi
Yaponiyaning “Rotary Club of Tokyo Waseda” tashkiloti delegatsiyasi Yangi Namangan tumanidagi “Axsikent” mahallasida joylashgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markaz faoliyati doirasida tashkil etilgan “ZARKA 001” korxonasi alohida ahamiyatga ega. Korxona asoschisi Nigora Nasimova turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda 10 yil davomida Rossiyada trikotaj ishlab chiqarish yo‘nalishida tajriba orttirib, 2022 yilda yurtga qaytgach, ushbu faoliyatni mahalliy shart-sharoitda yo‘lga qo‘ydi.
Dastlab 5 nafar ishchi bilan ish boshlagan korxonada bugungi kunda 150 nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritmoqda. Korxonada kattalar uchun 10 dan ortiq, bolalar uchun esa 7 dan ortiq trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda va ularning barchasi Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bandlikka ko‘maklashish markazi mablag‘lari hisobidan 210 million so‘m xomashyo xaridi uchun yo‘naltirildi. Bu kabi tashabbuslar tumanda xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash, shuningdek mahalliy tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.