Sayt test rejimida ishlamoqda!
Gʻisht ishlab chiqaruvchi yirik loyihaning birinchi bosqichi ishga tushdi
  • Yangiliklar
  • 17:20 25.07.2025
  • 84
  • Halqaro hamkorlik

Yangi Namangan tumanida sanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida 10 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investisiya asosida yirik loyiha amalga oshirila boshladi.

Xitoyning “Shin Xun” kompaniyasi tumanning “Saxovat” mahallasidan yer maydoni ajratilishi orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish materiallari, jumladan, g‘isht ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Ayni paytda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, korxona ishga tushirildi. Birinchi bosqichda 35 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Korxona kuniga 200 ming dona g‘isht tayyorlash quvvatiga ega bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida kompaniya vakillari tuman hokimi qabulida ishtirok etib, ishchilar uchun yotoqxona qurilishi masalasida amaliy yordam so‘rashgandi. Muammo joyida o‘rganilib, yer maydoni va kadastrga oid masalalar yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Loyihaning keyingi bosqichlarida ishlab chiqarish hajmini oshirish va umumiy hisobda 100 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati