Sayt test rejimida ishlamoqda!
“Valley Toys” korxonasi 250 nafar aholini ish bilan band qilmoqda
  • Yangiliklar
  • 15:25 25.07.2025
  • 92
  • Halqaro hamkorlik

Yangi Namangan tumanining “Go‘zal” mahallasida joylashgan “Valley Toys” korxonasi mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, aholini ish bilan ta’minlash va ichki bozorda raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berish yo‘lida samarali faoliyat yuritmoqda. 2015 yili tadbirkor Tolibjon Abdurahimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu korxona bugungi kunda bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishda yurtimizdagi yetakchilardan biriga aylangan.

Korxona oyiga o‘rtacha 200 ming donaga yaqin turli xil bolalar o‘yinchoqlarini tayyorlab, ularni respublikamiz ichki bozoriga yetkazib bermoqda. Asosiy maqsad – aholini arzon, sifatli va xavfsiz mahalliy o‘yinchoqlar bilan ta’minlashdir.

Korxonada bugungi kunda 50 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, mahalliy kooperatsiyani rivojlantirish maqsadida 200 ta xonadon bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Ularning har biriga mahsulot qismlari tarqatilib, uy sharoitida yig‘ish ishlari amalga oshiriladi. Bu esa aholi bandligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yangi Namangan tumani hokimi korxonada  bo‘lib, tadbirkor bilan muloqot qildi. Suhbat chog‘ida kelgusi rejalar, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha fikr almashildi.

Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati