14:40 19.07.2025Xabar berilganidek, Namangan viloyatida onkologik xizmatlarni rivojlantirish maqsadida Respublika onkologiya markazi filiali uchun 170 o‘rinli yangi poliklinika qurilishi rejalashtirilgan. Muassasa Yangi Namangan tumanidagi “Oromgoh” mahallasida, “Afrosiyob” ko‘chasida joylashmoqda.
Ayni paytda poliklinika qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Binoda tom yopish va tashqi fasadni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida uch qavatli bino hamda avtoturargoh barpo etilmoqda.
Qurilish ishlari “Olmos-Uychi” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu ob’yekt uchun 5,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, joriy yilning uchinchi choragi oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati