12:00 20.06.20252024–2025 o‘quv yilida Yangi Namangan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 1862 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli yakunladi. Ularning 29 nafari “Oltin” medal, 4 nafari esa “Kumush” medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 169 nafar yosh muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, shundan 18 nafari xorijiy davlatlardagi nufuzli universitetlarga kirishga erishdi. Bu ko‘rsatkichlar bitiruvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishi va fidokor o‘qituvchilar mehnatining samarasi ekanligidan dalolat beradi.
Bugun tumanda bitiruvchilar bilan tantanali uchrashuv tashkil etildi. Unda ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha mas’ullar hamda ota-onalar ishtirok etdi. Tadbir davomida bitiruvchi yoshlarga medallar va esdalik sovg‘alari rasmiy ravishda topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ularni qutlab, kelgusida yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi. Bunday e’tirof yoshlarni yanada katta maqsadlar sari intilishga, ilm-ma’rifatga chanqoq bo‘lishga undaydi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati