18:10 04.02.2025Yangi Namangan tumanida joylashgan “Kelajak tongi” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Hududni har tomonlama rivojlantirish, aholi uchun munosib sharoit yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida bir qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur mahallada bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘rsatilayotgan yordam va g‘amxo‘rlikka alohida e’tibor qaratildi. Bu oilalarning muammolarini o‘rganish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Avvalo, mahallada infratuzilmani yaxshilashga katta e’tibor qaratilgan. Yo‘llar ta’mirlanib, ko‘chalar tartibga keltirilmoqda, elektr va ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanyapti. Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush darajasini oshirish masalasiga ham e’tibor kuchaytirilgan.
Mahallada aholi farovonligini oshirish maqsadida yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham aniq rejalar belgilangan.
Viloyat hokimi “Kelajak tongi” mahallasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, hududni yanada obod va namunali maskanga aylantirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Yangi Namangan tumani hokimligi
Axborot xizmati