20:40 19.10.2024Namangan shahrida qandli diabet kasalligi bilan ogʻrigan fuqarolarga yuqori darajada tibbiy xizmat koʻrsatish va kasallikni davolash boʻyicha muhim qadamlar tashlanmoqda. Shu maqsadda Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev Turkiyaning yetakchi tibbiyot muassasalari vakillari bilan muloqot oʻtkazdi. Ushbu uchrashuvda qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarning salomatligini tiklashda tajribali mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy tibbiy amaliyotlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida Namanganda qandli diabet kasalligini davolash boʻyicha jarrohlik amaliyotlarini yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiyaning tibbiyot sohasidagi yetakchi muassasalari bilan hamkorlikda mazkur amaliyotlar uchun zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni olib kelish, shuningdek, mahalliy tibbiyot xodimlarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.
Anvarjon Otaxodjayev oʻz nutqida qandli diabet bilan qiynalayotgan fuqarolarga yuqori darajada sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Unga koʻra, kasallikni barvaqt aniqlash va uning oldini olishda xalqaro standartlarga javob beradigan davolash tizimini yoʻlga qoʻyish zarur.
Namanganda qandli diabetni davolash yoʻnalishida xalqaro tajribani qoʻllash, bemorlarning hayot sifati va salomatligini yaxshilashga yordam beradi. Turkiya bilan bunday hamkorlik loyihalari fuqarolarga zamonaviy va samarali davolash usullarini taklif qilish imkoniyatini beradi.
Bu kabi tashabbuslar Namangan viloyatida tibbiy xizmatlarni rivojlantirish va turli kasalliklar bilan kurashishga qaratilgan muhim qadam boʻlib, kelajakda viloyat aholisi uchun sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada yuqori bosqichga olib chiqishiga erishiladi.