17:15 06.02.2025Yangi Namangan tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-sonli qarori ijrosini ta’minlash va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish yuzasidan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman sektorlari rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlari, mahalla yettiligi ishtirok etdi. Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda “mahalla-rahbar-kengash” tamoyili asosida ish tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, jamoat xavfsizligini kuchaytirish maqsadida mahallalar va tuman hududidagi avtobus betaklariga kuzatuv kameralari o‘rnatish, bozor hamda yirik savdo hududlarini texnik qo‘riqlovga olish, shuningdek, aholi uchun tezkor xabar berish tizimi – “tashvish tugmalari”ni joriy etish takliflari ilgari surildi.
Shuningdek, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturining ijrosi doirasida aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Moliyaviy yordam, kasb-hunarga o‘qitish, yangi ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmani yaxshilash kabi yo‘nalishlarda aniq vazifalar belgilab olindi.
Ushbu chora-tadbirlar mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Yangi Namangan tumani hokimligi
Axborot xizmati